



Amerikalik o‘z hovlisida hovuz qazish paytida qadimgi hinduning qoldiqlarini topdi
Amerikaning Yuta shtatidagi Solt-Leyk-Siti shahrida 14 yoshli o‘smir o‘z hovlisida hovuz uchun chuqur qaziyotib, qadimgi hinduning jasadi qoldiqlarini topibdi. Bu haqda Associated Press axborot agentligi xabariga tayanib “ITAR-TASS” ma’lumot bermoqda.
O‘smir chuqur qaziyotib, hovlisidan chiqqan suyakni biron jonivorga tegishli, deb o‘ylagan va kattalarga ko‘rsatgan. Ular esa bu inson suyagi ekanligini payqab, har ehtimolga qarshi politsiyaga xabar qilishgan. Patologoanatomlar topilgan suyaklar salkam ming yil avval yashab o‘tgan odamga tegishli ekanligini aniqlashgan. Hozirda uning jinsini va qaysi qabilaga mansubligini aniqlash ustida ish olib borilmoqda.
Yuta shtati Madaniy meros departamenti vakili Jeffri Fattaxning ta’kidlashicha, topilgan suyaklar qaysi qabila vakiliga mansubligi aniqlangach, shtat Hindular ishlari qo‘mitasi uni o‘z qabilasining an’analari asosida qayta dafn etadi.
Hovlidagi qazish ishlarini esa arxeologlar davom ettirishmoqda. Ularning taxminlariga ko‘ra, bu yerda hindular qabristoni bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin. Agar shunday bo‘lib chiqsa, topilmalar hozirgi Solt-Leyk-Siti hududida qadimda yashagan xalqlarning madaniyati va an’analarini o‘rganishda katta yordam beradi.