Samsung suv va changga chidamli ilk planshetini taqdim etdi
Samsung kompaniyasi IFA-2014 ko‘rgazmasi davomida yangi Galaxy Note 4 va Galaxy Note Edge planshetofonlarini taqdim etibgina qolmay, yana bir gadjet – Galaxy Tab Active planshetini ham e’lon qildi. Bu haqda Phonearena.com sayti xabar berdi.
Galaxy Tab Active kompaniyaning ilk suv va changga chidamli plansheti hisoblanadi. Unda 8 dyuym 800×1200 pikselli displey, C-Pen gadjeti, 1,2 megapikselli old va 3,1 megapikselli orqa kamera, 1,5 Gb tezkor va kengaytirish mumkin bo‘lgan 16 Gb ichki xotira, 1,2 GGs chastotaga ega to‘rt yadroli protsessor o‘rnatilgan. U Android KitKat 4.4 operatsion tizimi va LTE modulida ishlaydi.
Tinimsiz ishlatilganda 10 soatga yetadigan 4450 mA·soat quvvatga ega batareyasini almashtirish ham mumkin. Uning o‘lchamlari 213,1×126,2×9,75 millimetrni, og‘irligi esa 393 grammni tashkil etadi.
Planshet qo‘shimcha himoya qoplamasi bilan qoplangan va u 1,2 metr balandlikdan tushib ketsa ham unga hech narsa qilmaydi. Hozircha, ushbu gadjet qachon va qancha narxdan sotuvga chiqishi haqida ma’lumotlar yo‘q.